Mahalliy davlat hokimiyati va prokuratura konstitutsiyaviy asoslari

Classified in Spanish

Written on in English with a size of 6.47 KB

Mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini yoritib bering?

O‘zbekiston Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyati hamda uni amalga oshiruvchi organlarga alohida XXI bob ajratilgan. U «Mahalliy davlat hokimiyati asoslari» deb nomlanib, eng avvalo, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tizimini belgilab qo‘ygan.

O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat organlarining ikki turi mavjud:

  • vakillik hokimiyati organlari — xalq deputatlari Kengashlari;
  • ijro hokimiyati organlari — hokimlar.

Vakillik organlari — xalq deputatlari Kengashlari viloyatlarda, tumanlarda va shaharlarda tashkil etiladi. Tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda esa tashkil etilmaydi. 2017-yil dekabrdan boshlab Toshkent shahri tumanlarida ham xalq deputatlari Kengashlari tashkil etiladigan bo‘ldi.

Ijro hokimiyati — hokim viloyatlarda, barcha tuman va shaharlarda tashkil etiladi hamda faoliyat yuritadi.


O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini batafsil tushuntirib bering?

O‘zbekistonda prokuratura organlari alohida maqomga ega, ular hech qanday hokimiyat tizimiga kiritilmagan. Konstitutsiyada alohida XXV bob «Prokuratura»ga bag‘ishlangan. Uning 145-moddasiga asosan, «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar». Bu qoida prokuratura mustaqil tuzilma ekanligini ko‘rsatadi.

Konstitutsiya prokuratura organlarining maqomini konstitutsiyaviy darajada belgilar ekan, ularning vazifasini ham umumiy tarzda aniq belgilagan. Konstitutsiyaning 143-moddasida prokuratura respublika hududida qonunlarning aniq bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, deb ko‘rsatilgan. Ya’ni prokuraturaning bosh vazifasi butun mamlakat hududida davlat tomonidan qabul qilingan barcha qonunlarning bir xilda bajarilishini nazorat qilish bo‘lib, bu bilan qonuniylik va qonun ustuvorligi ta’minlanadi.

Konstitutsiyada prokuraturaning umumiy vazifasi belgilangan bo‘lsa, 2001-yil 29-avgustda yangi tahrirda qabul qilingan «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunda uning asosiy vazifalari aniqlashtirilib mustahkamlangan.

Ushbu Qonunning 2-moddasi «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining asosiy vazifasi» deb nomlanadi. Unda belgilanishicha, prokuraturaning asosiy vazifalari:

  • qonun ustuvorligini ta’minlash;
  • qonuniylikni mustahkamlash;
  • fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini mustahkamlash;
  • huquqbuzarlikning oldini olish va profilaktika qilishdan iborat.

Shu vazifalarni bajarish uchun prokuratura tegishli yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi va aniq vakolatlarga ega bo‘lib, uning faoliyati ko‘pqirrali va juda keng. Uni boshqarish uchun tegishli tizim va tarkibiy bo‘limlar shakllantiriladi.


Ushbu kazus yuzasidan qonunchilikda nazarda tutilganidek, sudya daxlsizlik huquqidan foydalanadi

Sudya N.Yusupov sudlanuvchini haqorat qilishda, ya’ni sudlanuvchining sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlashda aybdor deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan hech kimning roziligini olmasdan unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi hamda sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Demak, ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunining 64-moddasiga asosan sudyaning daxlsizligi to‘g‘risida norma mavjud bo‘lib, unga binoan sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport vositasi va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga hamda unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu normaga ko‘ra sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin, hamda sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi hamda qamoqqa olinishi mumkin emasligi belgilangan.

Bundan tashqari, sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo‘yilgan hollarda qo‘llanilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Xulosa va yechim

Ushbu holat yuzasidan umumiy xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, ushbu vaziyatda Sudya N.Yusupov sudlanuvchini haqorat qilishda, ya’ni sudlanuvchining sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlashda aybdor deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan hech kimning roziligini olmasdan unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi hamda sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani qonunchilikka zid hisoblanadi.


Asoslar

Chunki birinchidan, ushbu vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunining 16-moddasida belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi ham buzilib, sudya aybdor deb topilgan. Holbuki, qonunchilikka ko‘ra ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha, aybsiz hisoblanishi belgilangan.

Ikkinchidan, sudyaning qamoqqa olinganligi ham qonunchilikka zid hisoblanadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunining 64-moddasiga asosan sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi hamda qamoqqa olinishi mumkin emas.

Jumladan, sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo‘yilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin.

Yuqoridagi asoslarga ko‘ra umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, ushbu vaziyatda Sudya N.Yusupovning qonunchilikda belgilab qo‘yilgan huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qonunchilikdagi normalarga amal qilinmagan holda buzilgan va qonunchilikka zid hisoblanadi.

Related entries: