Jamoat birlashmalari va Oliy Majlis palatalari faoliyati

Other subjects7.04 KB

1-savol

O‘zbekistonda jamoat birlashmalari tizimiga kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlar jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari kiradi. Bu eski Konstitutsiyaning 56-moddasida belgilangan. Jamoat birlashmalarining faoliyat ko‘rsatishining asosiy sharti — ular qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ularni ro‘yxatdan o‘tkazish Adliya vazirligi zimmasiga yuklangan.

Jamoat birlashmalari eng muhim demokratik institutlardan hisoblanib, ular fikrlar va g‘oyalar xilma-xilligini amalda ta’minlovchi muhim vositadir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ushbu bob XIII bob. Fuqarolik jamiyati institutlari deb o‘zgartirilganini ham aytib o‘tishim lozim.

O‘zbekiston Konstitutsiyasidan tashqari, yana bir necha normalarda jamoat birlashmalarining xilma-xilligi, ko‘p partiyaviylik tizimi mavjudligi jamiyat taraqqiyotida muhim shart ekanligi, bu vositalar fuqarolar faolligining garovi ekanligi belgilab qo‘yilgan. Jamoat birlashmalari kishilarni siyosiy qarashlari (siyosiy partiyalar), faoliyat yo‘nalishi (kasaba uyushmalari), jinsi (xotin-qizlar qo‘mitalari), yoshi («Yoshlar ittifoqi»), qobiliyati va kasbi (yozuvchilar, arxitektorlar uyushmalari) bo‘yicha turlarga bo‘linadi.

2-savol

Oliy Majlis palatalarining ishini samarali tashkil qilish, palatalarga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ularga ko‘maklashish maqsadida palata a’zolaridan iborat tarkibda o‘z organlarini tuzadi. Ularning faoliyati va vazifasiga qarab rahbar va yordamchi organlar deb atash mumkin. Konstitutsiyaning 100-moddasiga asosan, Qonunchilik palatasi o‘z tarkibidan (deputatlardan) Qonunchilik palatasining Spikeri va uning o‘rinbosarlarini saylaydi.

Spiker va uning o‘rinbosarlari palata majlisida yashirin ovoz berish orqali palata deputatlarining umumiy ko‘pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolat muddatiga (ya’ni 5 yilga) saylanadi. Qonunchilik palatasi deputatlarining uchdan ikki qismidan ko‘pi ovozi bilan esa muddatidan ilgari vazifasidan chaqirib olinishi mumkin. «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun bilan Spiker o‘rinbosarlarini saylash tartibi aniqlashtirildi. Qonunning 3-moddasiga asosan, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida tuzilgan siyosiy partiya fraksiyasi o‘z vakili Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari lavozimlaridan birini egallashda kafolatli huquqqa ega. Bu degani, har bir fraksiyadan bir kishi albatta Spiker o‘rinbosarligiga saylanadi. Qoida tariqasida fraksiyalar Spiker o‘rinbosarligiga fraksiya rahbarining nomzodini kiritadi.

Konstitutsiyaning 101-moddasiga binoan, Senat raisi Senat tarkibidan (senatorlardan) saylanadi. Senat raisining nomzodi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ko‘rsatiladi. Rais o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘ladi. Hozirgi paytda Senat raisining 1-o‘rinbosari lavozimi ham ta’sis etilgan. Senat raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimidan Senat majlisida chaqirib olinadi.

1-kazus

Ushbu kazus yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun, qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak. Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.

Xulosa

Umumiy xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, ushbu holatda Senat majlisidagi muhokama natijasiga ko‘ra qonun loyihasi rad etildi. Majlisda qonunning rad etilish asoslari, uni qayta ko‘rib chiqib, bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi lozimligi haqida xulosaga kelindi hamda ushbu xulosa Senat majlisi bayonnomasiga kiritilib, bayonnomadan ko‘chirma Qonunchilik palatasiga yuborildi. Qonunchilik palatasi qonunni qayta ovozga qo‘yib, deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qulladi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga imzolash va e’lon qilish uchun yubordi. Senat qonun yuqori palatada ma’qullanganidan so‘nggina Prezidentga imzolanish va e’lon qilish uchun yuborilishi mumkinligini vaj qilib, ushbu holatga nisbatan o‘z e’tirozini bildirgani noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga ko‘ra, Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi va Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Qonunchilik palatasi tomonidan Prezidentga yuborilishi mumkin.

Download

PDF Word HTML