Bosh vazirga ishonchsizlik votumi va saylov huquqi tartibi
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi
Konstitutsiyaga asosan Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik bildirish tartibi belgilandi. Bosh vazir va Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda, Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Prezident nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Ishonchsizlik votumi deputatlar va senatorlarning umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holda Prezident Bosh vazirni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shunday holat ro‘y bersa, Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi Prezident tomonidan Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng Oliy Majlis palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilinadi. Oliy Majlis Bosh vazir lavozimiga nomzodni ikki marta rad etsa, Prezident Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va Oliy Majlisni tarqatib yuboradi.
Agar zarur asoslarga ega bunday tashabbusni Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qo‘llab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus Prezident tomonidan Oliy Majlis palatalarida ovozga qo‘yilganda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolarining umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ovozi bilan ma’qullansa, Prezident Bosh vazirni lavozimidan ozod qiladi. Bosh vazirning lavozimidan ozod etilishi bir vaqtning o‘zida hukumatning iste’foga chiqishiga sabab bo‘ladi.
Qonunchilikda bunday tajribaning o‘rnatilishi siyosiy partiyalar va ularning fraksiyalari rolining oshishiga, Parlament rolining kuchayishiga, Bosh vazir va hukumat mas’uliyatining kuchayishiga olib kelib, davlat qurilishida jahon tajribasidagi demokratik jarayonlarning qo‘llanilishini ko‘rsatadi.
2-savol
Saylovda ishtirok etishning erkinligi prinsipi asosida fuqarolar saylovlarning hamma jarayonlarida, shuningdek, ovoz berishda ham erkin ishtirok etadi. Saylov jarayonlarida ishtirok etishga to‘sqinlik ham qilinmaydi, ishtirok etishga, ovoz berishga majbur ham qilinmasligi belgilab qo‘yilgan.
Saylov huquqi fuqarolarning siyosiy huquqi hisoblanadi. Undan foydalanish siyosiy hayotda ishtirokni ta’minlab, mamlakat taqdirini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini yaratadi. Fuqarolar saylov huquqlarini amalga oshirish jarayonida faqat saylash va saylanish huquqidangina emas, boshqa huquqlardan ham foydalanishadi. Masalan:
- nomzodlar to‘g‘risida ma’lumotlar olish;
- kuzatuvchilar tarkibida ishtirok etish;
- va boshqalar.
Fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishga turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi saylov to‘g‘risidagi qonunlarda belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida saylov qonunlarini buzganlik uchun alohida moddalarda jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 146 va 147-moddalarida fuqarolar saylov huquqlarining har qanday buzilishiga olib keluvchi hollar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Saylovlarni tashkil qilish tartibi hozirgi kunda Saylov kodeksiga asosan amalga oshiriladi. Uning 1-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Kazus
Ushbu kazus yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun, qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak. Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.
Ushbu holat yuzasidan umumiy xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, kazusdagi holatda qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari umumiy sonining to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonun ma’qullandi, ya’ni Prezident vetosi yengib o‘tildi. Biroq davlat boshlig‘i qayta ovoz berish protsedurasi qo‘pol ravishda buzilganligini ko‘rsatib qonunni imzolamasdan qoldirgani noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki qonunchilikka ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari umumiy sonining to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullangan qonun, Prezident tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Shu sababli ushbu qonun loyihasi Prezident tomonidan imzolanishi lozim hisoblanadi.
Ya’ni bu yerda "4 dan 3 qismi" degan jumla notanish bo‘lishi mumkin, ammo qonunda belgilangan "3 dan 2 qismi"ga ko‘ra umumiy a’zolar sonidan kelib chiqqanda, 3 dan 2 qismidan oshiqni tashkil qiladi. Shu sababli ushbu holatda Prezidentning e’tirozlari asossiz hisoblanadi.